Birinchi 1000 kun: bolangiz salomatligi shu davrda shakllanadi
Homiladorlikdan boshlab 2 yoshgacha bo'lgan davr — miya, immunitet va o'sish sur'ati uchun eng hal qiluvchi vaqt. Nimaga e'tibor berish kerak?

Ota-onalar ko'pincha «bola kattarganda tuzalib ketadi» deb o'ylashadi. Aslida bolaning miyasi hayotining birinchi ikki yilida kattalarnikiga nisbatan bir necha barobar tez rivojlanadi: har soniyada minglab yangi neyron bog'lanishlari hosil bo'ladi. Shu davrdagi ovqatlanish, uyqu va muloqot keyingi o'n yilliklarga ta'sir qiladi.
Birinchi olti oyda faqat ona suti — Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tavsiyasi shunday. Agar emizish imkoni bo'lmasa, pediatr bilan birga moslashtirilgan aralashma tanlanadi. Bu yerda «qo'shni maslahati» eng xavfli manba: har bir bolaning vazn dinamikasi va allergik holati boshqacha.
Olti oydan keyin qo'shimcha ovqat kiritiladi, lekin ona suti yoki aralashma asosiy bo'lib qolaveradi. Yangi mahsulotni har 3–4 kunda bittadan kiriting va reaksiyani kuzating — shunda toshma paydo bo'lsa, sababchini aniq bilasiz.
Vazn va bo'y o'sishini har oy o'lchab, markaziy jadvalga (sentil egri chiziq) tushirib borish kerak. Bitta o'lchov hech narsa aytmaydi — dinamika aytadi.
Savolingiz qoldimi?
Telegram botimizga yozing — pediatr 15 daqiqa ichida javob beradi va kerak bo'lsa qabulga yozib qo'yadi.
Uyqu ham xuddi ovqat kabi muhim. Yangi tug'ilgan chaqaloq sutkasiga 14–17 soat uxlaydi va bu vaqt bo'lakchalarga bo'linadi. 4 oydan keyin kechki tartibni shakllantirish — cho'milish, xira yorug'lik, bir xil ketma-ketlik — bolaga tunni kunduzdan ajratishga yordam beradi.
Va nihoyat, muloqot. Bola bilan gaplashish, kitob ko'rsatish, qo'shiq aytish — bu «ortiqcha» emas, balki nutq markazlarining asosiy oziqasi. Ekran (telefon, televizor) 2 yoshgacha tavsiya etilmaydi.
Agar bola vazn yig'masa, doimiy yig'lasa yoki rivojlanish bosqichlarida orqada qolayotgandek tuyulsa — kutmang. Erta ko'rik ko'pincha uzoq davolanishning oldini oladi.